Aviatsiya xavfsizligi
Xalqaro va mahalliy yoʻnalishlarda yo‘lovchilar, ularning qo‘l yuklari, bagajlarining aviatsiya xavfsizligi yuzasidan tekshiruvi parvozlar xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining hayoti va salomatligini saqlash, fuqaro HKlarining jinoyatchi elementlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan egallab olish hamda olib qochish va fuqaro aviatsiyasi faoliyatiga boshqa g‘ayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlarining oldini olish, shuningdek, qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moslamalar, portlovchi, zaharli, tez o‘t oluvchi moddalar va boshqa xavfli yuklar noqonuniy tashilishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston aeroportlarida aviatsiya xavfsizligini ta’minlash uchun kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Yo‘lovchi terminallariga kirishda barcha yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilar xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshiruvning maxsus texnik vositalari yordamida aeroportning xavfsizlik xodimlari va militsiya tomonidan amalga oshiriluvchi qo‘shimcha nazoratdan o‘tishlari zarur.
Chiptalar ro‘yxatga olingandan keyin, Xalqaro yo‘nalishlarda esa bojxona, chegara va nazoratning boshqa turlaridan o‘tilgandan so‘ng yo‘lovchilar va ular qo‘l yuklarining parvoz oldi tekshiruvi o‘tkaziladi. Yo‘lovchilar, ularning qo‘l yuklari va yo‘lovchi o‘zi bilan olgan buyumlarining parvoz oldi nazorati tekshiruvning texnik va maxsus vositalarini qo‘llagan holda, qo‘l (kontaktli) metodi bilan o‘tkaziladi, shuningdek, tekshiruv shaxsiy (alohida) tartibda oʻtkazilishi ham mumkin. Parvoz oldi tekshiruvdan oʻtish va oʻz buyumlarini tekshiruv uchun taqdim etishdan bosh tortgan yoʻlovchi parvozga qoʻyilmaydi.
Yurak faoliyatini ragʻbatlantiruvchi qurilmalarga ega boʻlgan yoʻlovchilar texnik vositalardan foydalanmagan holda shaxsiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Xavfsizlik nazoratidan oʻtish
Xavfsizlik nazoratidan oʻtish vaqtida chipta, bortga chiqish taloni va yoʻlovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish lozim.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan taqdirda, barcha yo‘lovchilar, shu jumladan, diplomatik immunitetga ega yo‘lovchilar istisnosiz tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Begona shaxslardan bagaj, posilka, konvert va boshqa buyumlarni olish tavsiya etilmaydi, chunki ularning saqlanishi va ichidagi narsalar uchun javobgarlik yo‘lovchiga yuklanadi
Havo kemalari saloniga olib kirish taqiqlanadi:
· zajigalka va gugurt;
· tez oʻt oluvchi suyuqliklar;
· har qanday sanchiladigan va kesish buyumlari, qaychi, spitsa, sixlar, manikyur toʻplamlari va boshqalar.
Koʻrsatilgan predmetlar yoki moddalar yo‘lovchining qo‘l yukida topilgan va ularni bagajga topshirishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, mazkur predmetlar va moddalar belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.
Qoʻl yukida olib oʻtiladigan radio, teleapparatura, audio va videotexnikalar, noutbuklar, planshetlar va mobil telefonlarni aviatsiya xavfsizligi nuqtai nazaridan tekshirish qoidalari
Elektron qurilmalarni aviatsiya xavfsizligi nuqtai nazaridan tekshirish Inspeksiya xizmati xodimlari tomonidan maxsus jihozlangan aeroport nazorati zonalarida, maxsus texnik vositalardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga qoʻyiladigan talablar:
· Aviatsiya xavfsizligi tekshiruvi punktida yonida yoki qo‘l yukida elektron qurilmalari mavjud bo‘lgan yo‘lovchi yoki ekipaj a’zosi xavfsizlik xizmati xodimining talabiga ko‘ra elektron qurilmalarni yoqish orqali ularning yaroqliligini ko‘rsatishi hamda quvvatlantirish moslamalari va kassetalar oʻrnatiladigan joylarini koʻrsatishi shart;
· Elektron qurilmalarning quvvati boʻlmagan taqdirda, yo‘lovchi yoki ekipaj a’zosi ushbu qurilmalarni maxsus jihozlangan joyda tekshiruv xodimi ishtirokida yoqish va yaroqliligini tekshirish uchun zarur vaqtga qadar quvvatlantiradi;
· Agar elektron qurilma quvvatlantirilgandan keyin yoqilmasa, bunday elektron qurilma maxsus texnik vositalar yordamida qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkaziladi;
· Elektron qurilma ichida taqiqlangan predmet va moddalar mavjudligi aniqlansa, bunday qurilmalarning tekshiruvi toʻxtatiladi, elektron qurilma tegishli boʻlgan yoʻlovchi HK bortiga qoʻyilmaydi;
· Tekshirishdan yoki elektron qurilmalarini tekshiruv uchun taqdim etishdan boʻyin tovlagan yoʻlovchilar va ekipaj aʻzolari HK bortiga qoʻyilmaydi.
Shubhali buyumlar aniqlanganda
Terminal binosi yoki aeroport hovlisida egasiz buyum va predmetlarga duch kelsangiz, shuningdek, yoʻlovchilar hayotiga yoki aeroport xavfsizligiga tahdid soladigan maʼlumotlarga ega boʻlsangiz, bu haqida terminal maʼmuriyati yoki aeroport huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga xabar berishingizni soʻraymiz.
Shubhali predmetlarga teginish va joyidan qoʻzgʻatish, shubhali predmetlar yaqinida elektr-radiotexnika vositalari, uyali telefonlar, radiostansiyalardan foydalanish, mustaqil ravishda portlovchi qurilmalarni zararsizlantirish, olib tashlash yoki yo‘q qilish qat’iyan man etiladi.
Aviakompaniya va aeroport maʼmuriyati aviatsiya xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
RU
EN